1-bob. Asosiy qoidalar
- Umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standarti (keyingi o‘rinlarda – davlat ta’lim
standarti) davlat ta’lim standartining maqsad va vazifalarini, asosiy prinsiplarini, tarkibiy
qismlarini, davlat ta’lim standartini joriy etish hamda davlat ta’lim standarti talablariga rioya
etilishini nazorat qilish tartibini belgilaydi. - Davlat ta’lim standartini ishlab chiqish quyidagi hujjatlarga asoslanadi:
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi;
“Ta’lim to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Uzluksiz ta’lim tizimi uchun davlat
ta’lim standartlarini ishlab chiqish va amalda joriy etish to‘g‘risida” 1998-yil 5-yanvardagi 5-son
qarori;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi
nizomni tasdiqlash to‘g‘risida” 2017-yil 15-martdagi 140-son qarori. - Davlat ta’lim standartini bajarish O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyat
ko‘rsatayotgan barcha umumiy o‘rta ta’lim muassasalari uchun majburiydir.
2-bob. Davlat ta’lim standartining maqsad va vazifalari - Davlat ta’lim standartining maqsadi – umumiy o‘rta ta’lim tizimini mamlakatda amalga
oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, rivojlangan xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribalari
hamda ilm-fan va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga asoslangan holda tashkil
etish, ma’naviy barkamol va intellektual rivojlangan shaxsni tarbiyalashdan iborat. - Davlat ta’lim standartining vazifalari quyidagilardan iborat:
umumiy o‘rta ta’lim mazmuni va sifatiga qo‘yiladigan talablarni belgilash;
milliy, umuminsoniy va ma’naviy qadriyatlar asosida o‘quvchilarni tarbiyalashning
samarali shakllari va usullarini joriy etish;
o‘quv-tarbiya jarayoniga pedagogik va zamonaviy axborot-kommunikatsiya
texnologiyalarini joriy etish, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘quvchilari
va bitiruvchilarining malakasiga qo‘yiladigan talablarni belgilash;
kadrlarni maqsadli va sifatli tayyorlash uchun ta’lim, fan va ishlab chiqarishning samarali
integratsiyasini ta’minlash;
ta’lim va uning pirovard natijalari, o‘quvchilarning malaka talablarini egallaganlik
darajasini tizimli baholash tartibini, shuningdek, ta’lim-tarbiya faoliyati sifatini nazorat qilishning
huquqiy asoslarini takomillashtirish;
davlat ta’lim standartlari talablarining ta’lim sifati va kadrlar tayyorlashga qo‘yiladigan
xalqaro talablarga muvofiqligini ta’minlash.
3-bob. Davlat ta’lim standartining asosiy prinsiplari - Davlat ta’lim standarti quyidagi asosiy prinsiplarga asoslanadi:
o‘quvchi shaxsi, uning intilishlari, qobiliyati va qiziqishlari ustuvorligi;
umumiy o‘rta ta’lim mazmunining insonparvarligi;
davlat ta’lim standartining ta’lim sohasidagi davlat va jamiyat talablariga, shaxs ehtiyojiga
mosligi;
umumiy o‘rta ta’limning boshqa ta’lim turlari va bosqichlari bilan uzluksizligi va ta’lim
mazmunining uzviyligi;
umumiy o‘rta ta’lim mazmunining respublikadagi barcha hududlarda birligi va yaxlitligi;
umumiy o‘rta ta’limning mazmuni, shakli, vositalari va usullarini tanlashda innovatsiya
texnologiyalariga asoslanilganligi;
o‘quvchilarda fanlarni o‘rganish va ta’lim olishni davom ettirish uchun tayanch
va fanlarga oid umumiy kompetensiyalarni rivojlantirishning ta’minlanganligi;
rivojlangan xorijiy mamlakatlarning ta’lim sohasida me’yorlarni belgilash tajribasidan
milliy xususiyatlarni hisobga olgan holda foydalanish.
4-bob. Davlat ta’lim standartining tarkibiy qismlari - Davlat ta’lim standarti quyidagi tarkibiy qismlardan iborat:
umumiy o‘rta ta’limning tayanch o‘quv rejasi;
umumiy o‘rta ta’limning o‘quv dasturi;
umumiy o‘rta ta’limning malaka talablari;
baholash tizimi. - Umumiy o‘rta ta’limning tayanch o‘quv rejasi (keyingi o‘rinlarda — tayanch o‘quv reja)
umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘qitiladigan o‘quv fanlari nomi, o‘quv yuklamasining minimal
hajmi hamda ularning sinflar bo‘yicha taqsimoti belgilangan hujjat hisoblanadi. - Tayanch o‘quv reja O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan ishlab
chiqiladi va tasdiqlanadi. - Tayanch o‘quv reja umumta’lim fanlari bo‘yicha belgilangan ta’lim mazmunini
o‘quvchiga yetkazish uchun ajratilgan o‘quv soatlarining minimal hajmini belgilaydi va umumiy
o‘rta ta’lim muassasalarining dars jadvalini ishlab chiqish uchun asos hisoblanadi. - Pedagog kadrlar salohiyati hamda moddiy-texnika bazasi yetarli bo‘lgan umumiy o‘rta
ta’lim muassasalarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Toshkent shahar xalq
ta’limi bosh boshqarmasi va viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalarining ruxsati bilan umumiy o‘rta
ta’lim muassasalarining pedagogik kengashlariga dars jadvalini tuzishda tayanch o‘quv rejadagi
umumiy soatlar hajmidan oshmagan holda, ma’lum bir fanlarni chuqurlashtirib o‘qitish maqsadida
15%gacha o‘zgartirish kiritish huquqi beriladi. - Umumiy o‘rta ta’limning o‘quv dasturi (keyingi o‘rinlarda — o‘quv dasturi) tayanch
o‘quv rejaga muvofiq o‘quv fanlarining sinflar va mavzular bo‘yicha hajmi, mazmuni, o‘rganish
ketma-ketligi va shakllantiriladigan kompetensiyalari belgilangan hujjat hisoblanadi.
O‘quv dasturi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi
va tasdiqlanadi.
Qonunchilikda belgilangan holatlarda, o‘quv rejalari va dasturlari xorijiy ta’lim
muassasalari bilan hamkorlikda ishlab chiqilishi mumkin. - Umumiy o‘rta ta’limning malaka talablari umumta’lim fanlari bo‘yicha ta’lim
mazmunining majburiy minimumi va yakuniy maqsadlariga, o‘quv yuklamalari hajmiga hamda
ta’lim sifatiga qo‘yiladigan talablardan iborat bo‘lib, u quyidagilardan tashkil topadi:
bilim – o‘rganilgan ma’lumotlarni eslab qolish va qayta tushuntirib berish;
ko‘nikma – o‘rganilgan bilimlarni tanish vaziyatlarda qo‘llay olish;
malaka – o‘rganilgan bilim va shakllangan ko‘nikmalarni notanish vaziyatlarda qo‘llay
olish va yangi bilimlar hosil qilish;
kompetensiya – mavjud bilim, ko‘nikma va malakalarni kundalik faoliyatda qo‘llay olish
qobiliyati. - Baholash tizimi – davlat ta’lim standarti bo‘yicha umumiy o‘rta ta’limning malaka
talablarini o‘quvchilar tomonidan o‘zlashtirilishi darajasini hamda umumiy o‘rta ta’lim
muassasasining faoliyati samaradorligini aniqlaydigan mezonlar majmuidan iborat.
5-bob. Davlat ta’lim standartini joriy etish tartibi - O‘zbekiston Respublikasida davlat ta’lim standartini joriy etish, muvofiqlashtirish,
unga metodik rahbarlik qilish O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan amalga
oshiriladi. - Davlat ta’lim standartini joriy etish, shu jumladan umumta’lim fanlari bo‘yicha ta’lim
mazmuni va sifatiga qo‘yiladigan minimal talablarni, umumiy o‘rta ta’lim muassasalari
bitiruvchilariga qo‘yiladigan malaka talablarini tasdiqlash pedagogik tajriba-sinov ishlari
muvaffaqiyatli yakunlangach amalga oshiriladi. - Davlat ta’lim standartiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish belgilangan tartibda
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
6-bob. Davlat ta’lim standarti talablariga rioya etilishini nazorat qilish - Davlat ta’lim standarti talablariga rioya qilish ustidan nazoratni amalga oshirishning
maqsadi – davlat ta’lim standarti talablarini bajarish darajasini aniqlash, zarur chora-tadbirlarni
amalga oshirish asosida ta’lim sifatini ta’minlashdan iborat. - Davlat ta’lim standarti talablariga rioya qilish ustidan nazorat O‘zbekiston
Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan quyidagi ko‘rinishlarda amalga oshiriladi:
davlat ta’lim standarti talablari asosida barcha umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida
o‘quvchilar egallashi lozim bo‘lgan malaka talablariga baho berish;
tayanch o‘quv reja va o‘quv dasturlarining bajarilishini tahlil qilish;
umumiy o‘rta ta’lim muassasasida davlat ta’lim standartlari talablari bajarilishi va ta’lim
sifatiga ta’sir etuvchi omillarni, foydalanilgan pedagogik va axborot-kommunikatsiya
texnologiyalarining natijaviyligini tahlil qilish. - Umumiy o‘rta ta’lim sifatini nazorat qilishning turlari quyidagilardan iborat:
ichki nazorat – O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlangan
tartib asosida umumiy o‘rta ta’lim muassasasining monitoring guruhi tomonidan amalga oshiriladi;
tashqi nazorat – ta’lim sohasidagi vakolatli davlat organlari, hududiy xalq ta’limi
boshqaruvi organlari tomonidan amalga oshiriladi;
davlat-jamoatchilik nazorati – qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hududiy xalq ta’limi
boshqaruvi organlari va nodavlat notijorat tashkilotlar hamkorligida amalga oshiriladi;
milliy va xalqaro darajada baholash – Hukumatning tegishli qarori hamda xalqaro
shartnomalar asosida xalq ta’limi boshqaruvi organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar va xalqaro
tashkilotlar hamkorligida amalga oshiriladi. - Umumiy o‘rta ta’lim muassasasi o‘quvchilarining bilimi sifatini nazorat qilishning
reyting tizimi tartibi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi
huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan tasdiqlanadi. - Davlat ta’lim standarti talablarining bajarilmaganligi uchun javobgarlik qonun
hujjatlariga muvofiq umumiy o‘rta ta’lim muassasasi rahbariyatiga yuklanadi.